Ilmiy hamjamiyatda nashr uchun eng yaxshi jurnallar faqat Q1 va Q2 nashrlari degan qarash mavjud. Biroq Q3 va Q4 jurnallarini ham kam baholamaslik kerak: ular ham tadqiqot natijalarini ommalashtirishda muhim rol o‘ynaydi va yana bir qator afzalliklarga ega. Bugungi maqolamizda Q3 va Q4 nashrlarida chop etishning asosiy pluslari haqida gaplashamiz.

Q3 va Q4 jurnallarining qadri nimada?
Ko‘plab tadqiqotchilar o‘z ishlarini faqat Q1 va Q2 jurnallarida chop etishga intiladi. Buning sababi ularning ilmiy hamjamiyatdagi nufuzi va ahamiyati yuqori ekani. Journal Citation Reports (Web of Science) yoki SJR (Scopus) ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki ikki kvartilga o‘z sohasida iqtiboslar, ta’sirchanlik va obro‘ ko‘rsatkichlari eng yuqori bo‘lgan jurnallar kiradi.
Biroq uchinchi va to‘rtinchi kvartil nashrlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Q1 va Q2 jurnallariga nisbatan ularning na’kometrik ko‘rsatkichlari biroz pastroq bo‘lsa-da, ular ham o‘ziga xos afzalliklarga ega. Quyida ularni ko‘rib chiqamiz.
1. Boshlovchi tadqiqotchilar uchun qulaylik
Q3 va Q4 nashrlarida odatda maqolalarga qo‘yiladigan talablar dastlabki ikki kvartilga qaraganda yumshoqroq bo‘ladi. Bu esa ilmiy faoliyatini endigina boshlayotgan yosh olimlar, doktorantlar va tadqiqotchilar uchun ularni yanada qulay qiladi. Bunday jurnallarda nashr qilish quyidagilarga imkon beradi:
- maqolani tayyorlash va topshirish bo‘yicha ilk tajribani olish
- taqriz (peer review) jarayoni va tahririyat bilan muloqot qilish tartibi bilan tanishish
- kelajakda nufuzliroq jurnallarda nashrlar uchun poydevor yaratish
Yosh tadqiqotchilar uchun Q3 yoki Q4 da nashr qilish ilmiy portfelni shakllantirishda muhim qadam bo‘lishi mumkin. Bu, ayniqsa, dissertatsiya himoyasi yoki akademik lavozimlarni egallash uchun dolzarbdir.
2. Nashr muddati
Q3 va Q4 jurnallarida mualliflar o‘rtasidagi raqobat odatda pastroq bo‘lgani sababli, bu ko‘pincha nashr jarayonini tezlashtirishga yordam beradi. Bu, ayniqsa, olimga konferensiyada oraliq natijalarni taqdim etish yoki grant olish talablari doirasida maqolani tezkor chop ettirish zarur bo‘lgan holatlarda muhimdir.
3. Tor doiradagi o‘quvchi auditoriyasi
Q3 va Q4 jurnallarining ko‘pchiligi tor ixtisoslashgan yoki nish yo‘nalishga ega bo‘ladi. Bunday yo‘nalishlar birinchi va ikkinchi kvartil jurnallarida yetarli darajada yoritilmagan bo‘lishi mumkin. Shunday nashrlarda maqola chop etish quyidagilarga imkon beradi:
- tadqiqot natijalarini aynan ma’lum mavzuga qiziqqan maqsadli auditoriyaga yetkazish
- bir xil sohada ishlayotgan hamkasblar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish
- tor ixtisoslashgan yo‘nalishda ekspert sifatida obro‘-e’tibor shakllantirish
Masalan, mahalliy ekologik muammolar, mintaqaviy tadqiqotlar yoki kam uchraydigan fan yo‘nalishlariga bag‘ishlangan jurnallar ko‘pincha Q3 yoki Q4 ga kiradi, biroq o‘z sohasida sezilarli ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.
4. Mintaqaviy va mahalliy ahamiyat
Ko‘pincha uchinchi va to‘rtinchi kvartil jurnallari nisbatan yaqinda faoliyat boshlagan nashrlar bo‘ladi yoki muayyan mintaqa yoxud mamlakatga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni chop etadi. Masalan, mahalliy tillar va madaniyat, iqtisodiyot va hokazolarga oid ishlar Q1 va Q2 jurnallari uchun unchalik qiziqarli bo‘lmasligi mumkin, ammo ayrim ilmiy hamjamiyatlar uchun juda muhimdir.
Shuni ta’kidlash kerakki, jurnal tanlovi ilmiy maqsadlar va tadqiqotning vazifalari, shuningdek, tadqiqotchining resurslariga asoslanishi lozim. To‘g‘ri yondashuvda Q3 va Q4 nashrlari muallif tadqiqotlarini ilgari surish hamda ilmiy karyerani rivojlantirish uchun samarali vosita bo‘lishi mumkin.
Q3 va Q4 jurnallarida nashr qilishda qiyinchiliklarga duch keldingizmi? «Ilmiy Nashrlar» kompaniyasi yordam berishga tayyor. Mutaxassislarimiz maqolangizni auditdan o‘tkazadi va maqsadlaringizga mos ilmiy jurnalni tanlab beradi. Bepul konsultatsiya olish uchun quyidagi formani to‘ldiring, va menejerimiz yaqin vaqt ichida siz bilan bog‘lanadi. Birga ilmiy yutuqlar sari!